O‘zbekiston Prezidenti va Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga intilishlarini tasdiqladilar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bir-biriga maktub yo‘lladilar. Ularda ikki tomonlama hamkorlikning bugungi darajasi hamda Samarqandda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti yakunlari yuksak baholangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Eng avvalo, Samarqanddagi Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti davomida Turkmaniston delegatsiyasiga ko‘rsatilgan samimiy mehmondo‘stlik va alohida e’tiboringiz uchun chuqur minnatdorlik bildiraman.
Sammit doirasida Siz bilan g‘oyat mazmundor, samimiy va ishonch ruhida o‘tgan uchrashuvimiz turkman va o‘zbek xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik qardoshlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini yana bir bor tasdiqladi. Biz ushbu qadriyatlarni nafaqat saqlab qoldik, balki bugungi kungacha yetkazib, davlatlararo munosabatlarning poydevoriga aylantirdik.
Turkiylar va umuman jahon sivilizatsiyasining beshiklaridan biri bo‘lgan aynan Samarqandda qardosh xalqarimizning mushtarakligi tasdiqlangani, do‘stlik va barcha yo‘nalishlardagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga sur’at bag‘ishlangani, global taraqqiyotning bugungi juda murakkab sharoitlarida turkiy davlatlarning birligi, jipsligi, hamkorligining siyosiy va mafkuraviy asoslari mustahkamlangani chuqur ramziy ma’noga ega.
Siz sammitda o‘zgacha mehmondo‘stlik, o‘zaro ishonch va ochiqlik muhitini yaratganingizni alohida ta’kidlamoqchiman. Tadbirning muvaffaqiyatli o‘tgani, aytilgan maqsadlarga erishilgani ko‘p jihatdan shu tufaylidir.
Ishtirokchi davlatlar turkiy dunyo g‘oyalariga, o‘ziga xos tarixiy yo‘liga, an’ana va urf-odatlarning bardavomligiga, ajdodlarimiz merosi va umumiy ildizlarimizga qat’iy sodiqligini tasdiqlagani Samarqand uchrashuvining eng muhim natijasi bo‘ldi.
Bu tushunchalar davlatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni to‘liq ifoda etadi. Sizning Turkmanistonga, uning xalqiga bo‘lgan hurmatingiz, do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashga tayyorligingiz tufayli mamlakatimizda Sizga yuksak ehtirom bilan qaraydilar.
Turkman va o‘zbeklar shunchaki qo‘shni emas. Biz tili, madaniyati, dini bilan bog‘langan, o‘tmish, bugun va kelajakdagi yagona taqdirini his etayotgan qardoshlarmiz. Bu haqda so‘z yuritganda, uchta qadim naqlni keltirmoqchiman:
- qo‘shni keldi – ko‘mak keldi;
- mehmon otangdan ulug‘;
- qiyomat kuni - qo‘shnidan.
O‘zbek birodarlarimizga nisbatan his-tuyg‘ularimizning asl mohiyati, birgalikda barpo etish, rivojlanish, o‘zaro hamkorlik qilishga doir tasavvurlarimiz aynan shu maqollarda mujassam.
Yaqinda Turkmanistonda amalga oshirgan rasmiy tashrifingiz chog‘ida Siz bilan o‘tgan uchrashuvimizda, Samarqanddagi sammit doirasidagi marosimda qo‘llaringizdan “Turkiy dunyoning oliy ordeni”ni olayotganimda shu haqda ko‘p o‘yladim. Bilaman, Siz, qardoshim qo‘llab-quvvatlagani uchun ushbu yuksak mukofotga sazovor bo‘ldim. Buning uchun chuqur minnatdorligimni qabul qiling.
Hurmatli Shavkat Miromonovich,
Turkmaniston-O‘zbekiston munosabatlarini mustahkamlash va rivojlantirish yo‘lida qilayotgan barcha sa’y-harakatlaringiz uchun tashakkur. Sizning O‘zbekistonga rahbarligingiz davomida siyosiy, iqtisodiy, madaniy hamkorligimiz sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.
Bir qator yirik qo‘shma infratuzilmaviy loyihalar amalga oshirildi, tashqi siyosiy sohada, mintaqaviy va global barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha hamkorlik mexanizmlari amalda ishlay boshladi. O‘zbekiston Turkmanistonning betarafligi va xalqaro tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rib turibmiz va yuksak qadrlaymiz. Men buni Siz bilan, Sizning ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tiboringiz va ishtirokingiz, ikki xalq va davlat o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikka sadoqatingiz bilan bog‘layman.
Yana bir bor Turkiy davlatlar tashkiloti sammitining muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabriklashga hamda Turkmaniston doim O‘zbekiston yonida turishini, munosabatlarimiz zamiridagi bunyodkorlik maqsadlariga qat’iy amal qilishini ishontirib aytishga ijozat bergaysiz.
Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt va farovonlik, O‘zbekiston yetakchiligida, ko‘p qirrali davlat va siyosiy faoliyatingizda katta muvaffaqiyatlar tilayman.
Chuqur hurmat va katta ehtirom bilan,
Gurbanguli Berdimuhamedov,
Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi
* * *
Turkmaniston Milliy Kengashi
Xalq Maslahati Raisi
Gurbanguli Berdimuhamedov
Janobi Oliylariga
Hurmatli Gurbanguli Myalikguliyevich!
Qadrli birodarim!
Avvalambor, yaqinda yurtimizga amalga oshirgan tashrifingiz munosabati bilan yo‘llagan samimiy maktubingiz, O‘zbekiston va shaxsan mening sha’nimga bildirgan iliq fikrlaringiz hamda ezgu tilaklaringiz uchun chin qalbimdan samimiy minnatdorlik bildiraman.
Joriy yilning 11 noyabrida Samarqandda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida Siz, Janobi Oliylarining shaxsan ishtirokingiz anjumanning tarixiy ahamiyati va natijadorligini yanada oshirishga beqiyos hissa qo‘shib, turkiy oilada qardosh o‘zbek va turkman xalqlarining do‘stona aloqalari naqadar yuksak ekanligini yaqqol namoyish etdi.
Maktubingizda bayon qilganingizdek, qadim va betakror Samarqand shahri ming yillar davomida Sharq va G‘arbni tutashtirib, turkiy va jahon sivilizatsiyalarini bir-biriga yaqinlashtirib, turli madaniyatlarni birlashtirib kelgan, boy madaniy-ma’naviy xazinasi bilan dunyo tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan.
Asrlar davomida yonma-yon tinch va totuv yashab kelgan qardosh xalqlarimizning birligi, hamjihatligi va abadiy do‘stligiga, turkiy davlatlar integratsiyasi va o‘zaro yaqin hamkorligiga, Tashkilotimizning xalqaro maydondagi obro‘ va nufuzini keskin oshirishga beqiyos amaliy hissa qo‘shayotgan Siz, Janobi Oliylarining “Turkiy dunyoning oliy ordeni” bilan taqdirlanishi barcha a’zo va kuzatuvchi davlatlar aholisi orasida juda katta quvonch hamda mamnuniyat bilan qabul qilindi.
Bu oliy mukofotning tantanali ravishda taqdim etilishi Sizdek oqil va donishmand, chinakam fidoyi, tajribali va vatanparvar davlat hamda jamoat arbobiga, qimmatli ilmiy va ijodiy faoliyati bilan kelajak avlodlar uchun boy ma’naviy-ma’rifiy meros yaratayotgan buyuk shaxsga nisbatan bildirilgan cheksiz ehtirom ramzi hamdir.
Shubha yo‘qki, bu Turkmanistonni turkiy dunyo va Tashkilotimiz bilan yanada yaqinlashtiradi hamda uning faoliyatida turkman xalqining kengroq ishtirokini ta’minlashga munosib xizmat qiladi.
Sammit yakunlari kelgusida Tashkilotimiz doirasidagi serqirra hamkorlik ufqlarini ochishga, mintaqada va xalqaro miqyosda tinchlikni, o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashga, Turkiy sivilizatsiyaning yangi Uyg‘onish davrini boshlashga zamin yaratgani e’tiborlidir.
Muhtaram Gurbanguli Myalikguliyevich!
Maktubingiz zamirida Sizning o‘zbek xalqi va madaniyatiga bo‘lgan chuqur hurmatingiz, tarixiy tomirlari, qalbi mushtarak xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy rishtalarni qadrlash va hamkorlikni rivojlantirishdek ezgu maqsadlar mujassam ekanidan behad xursandman.
O‘zbek xalqiga qon-qardosh bo‘lgan turkman eli bilan doimiy do‘stlik aloqalari so‘nggi yillarda keng quloch yozgani, yaqin qo‘shnichilik munosabatlari strategik sheriklikning yuqori darajasiga ko‘tarilganini yana bir bor ta’kidlashni istardim.
Sizning ta’biringiz bilan aytganda, “tug‘ishgan ikki xalq”ning o‘zaro hamfikrligi, ochiq ruhdagi va samimiy muloqoti ellarimizga, birinchi galda yosh avlodlarimizga ibrat va namuna bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Ushbu ezgu niyatlar ifodasi sifatida men yaqinda hurmatli Prezident Serdar Berdimuhamedov bilan ko‘rkam Ashxobod shahridagi “Toshkent” bog‘ida daraxt ekkanimiz va bu yerda o‘z to‘yini nishonlayotgan yosh oilaning quvonchiga sherik bo‘lib, ularga oq fotiha berganimizda chuqur ramziy ma’no ko‘raman.
Turkmaniston bilan o‘zaro manfaatli hamkorligimiz misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarilganini mamnuniyat bilan qayd etish o‘rinlidir. Shu kunlarda Dashoguz shahrida o‘zbek va turkman xalqlari do‘stligi festivali muvaffaqiyatli o‘tkazilgani ham bu fikrimning yorqin isbotidir.
Fursatdan foydalanib, muhtaram Gurbanguli Myalikguliyevich, Sizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat va sharafli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, do‘st turkman xalqiga esa tinchlik-omonlik va doimiy ravnaq tilab qolaman.
Samimiy ehtirom bilan,
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti