Shavkat Mirziyoyev: Bu nihollar do‘stlik va o‘zaro ishonch bog‘lari bo‘lib qad rostlaydi
Turkiy davlatlar tashkilotining Samarqand sammiti doirasida yana bir xayrli ishga qo‘l urildi – barcha ishtirokchi mamlakatlarda daraxt ekish marosimi bo‘ldi.
Ma’lumki, tashkilotda bugungi kunning eng dolzarb muammosi bo‘lgan ekologiya masalalariga alohida ahamiyat qaratilib, tabiatni asrash bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmoqda. Xususan, O‘zbekistonda Prezidentimiz tashabbusi bilan “Yashil makon” dasturi amalga oshirilmoqda. Bunday loyihalar Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Turkmaniston va Vengriyada ham bor.
Samarqand bu ezgu harakatlarni birlashtirdi. Sammitning asosiy tadbirlaridan keyin, turkiy davlatlar yetakchilari Registon maydoniga tashrif buyurdi.
– Ne-ne tarixiy voqealarga guvoh bo‘lgan muhtasham Registon maydonida turib, turkiy dunyo sivilizatsiyasining yangi bosqichiga ramziy ma’noda qadam qo‘ymoqdamiz. Ulug‘ ajdodlarimizga xos bo‘lgan azaliy an’analarni davom ettirgan holda, yana bir xayrli tashabbusni boshlamoqdamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Daraxt ekish millatlarimiz qadriyati, bugungi mushtarak intilishlar timsoli ekani ta’kidlandi.
– Bu ishlarning barchasi turkiy xalqlar umumiy taraqqiyoti va farovonligi sari mushtarak intilishlarimizning yaqqol timsoli, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Biz bugun turkiy dunyo hurmatli yetakchilarining ushbu tabarruk zaminga o‘z qo‘llari bilan ko‘chat ekayotganlarini yuksak qadrlaymiz. Zero, bu nihollar – hayot daraxtlari, do‘stlik va o‘zaro ishonch, ma’naviyat va kelajak bog‘lari bo‘lib qad rostlaydi, – dedi davlatimiz rahbari.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Turkmaniston va Vengriya yetakchilari majmua bog‘iga ko‘chatlar ekdi.
Marosim ushbu davlatlar poytaxtlari va mamlakatimiz hududlarida videoaloqa orqali ko‘rsatildi. U yerlarda ham minglab ko‘chatlar ekildi. Shu tariqa, daraxtzorlarni ko‘paytirish harakati xalqaro miqyos kasb etdi.
Turkiy davlatlar yetakchilari birgalikda suratga tushdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti