O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash majlisida ishtirok etdi
Ostona shahrida 50 ga yaqin a’zo mamlakatlar va kuzatuvchilar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar delegatsiyalari ishtirokida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning navbatdagi sammiti boshlandi.
Kengash majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif, Falastin Davlati Prezidenti Mahmud Abbos, Qatar Davlati Amiri Tamim bin Hamad bin Xalifa Al Taniy, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi o‘rinbosari Van Sishan, Vetnam Sotsialistik Respublikasi vitse-prezidenti Vo Txi An Suan ishtirok etdi.
Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHICHK) – xavfsizlik va barqarorlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, savdo va iqtisodiy sheriklik, atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi aloqalarni faollashtirishga qaratilgan xalqaro forum. Joriy yilda ushbu forumni yaratish tashabbusiga 30 yil to‘ldi.
Bugungi kunda OHICHKda 28 ta davlat ishtirok etmoqda. Yana 9 ta mamlakat va 5 ta xalqaro tashkilot kuzatuvchilar maqomiga ega. OHICHKning oliy organi Davlat va hukumatlar rahbarlarining sammiti hisoblanadi. 2020-yilldan buyon OHICHKda Qozog‘iston raislik qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sammitdagi nutqida dunyodagi vaziyatga baho berar ekan, xalqaro munosabatlarda noaniqlik tobora o‘sib, muloqot va ishonch misli ko‘rilmagan darajada taqchil bo‘lib borayotganini qayd etdi.
“Yuzaga kelgan yangi geosiyosiy voqelik butun Osiyo qit’asi barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Inqirozli holatlar Markaziy Osiyo davlatlariga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri daxl qilmoqda, iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish bo‘yicha bizning sa’y-harakatlarimizni sekinlashtirmoqda” – dedi davlatimiz rahbari.
Avvalo, boshqa o‘tkir xalqaro muammolar qalqib chiqishi oqibatida ikkinchi darajaga tushib qolayotgan Afg‘onistondagi vaziyatga alohida e’tibor qaratildi. Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston muvaqqat hukumati bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha umumiy va muvofiqlashtirilgan yondashuvlar ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan, Osiyo mamlakatlarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasiga qo‘shma murojaati imkoniyatlarini ko‘rib chiqish taklif etildi. Bu murojaatda Afg‘oniston hukumati bilan tomonlar majburiyatlarini bosqichma-bosqich bajarish algorimini tayyorlash va kelishish uchun yuqori darajadagi xalqaro muzokara guruhini shakllantirish haqidagi tashabbus ifoda etilgan.
Radikal g‘oyalarning xuruji kengayayotgani, ekstremistik tashkilotlarga yoshlarni faol jalb etishga urunishlar umumiy xavfsizlikka tahdid solmoqda. Shu munosabat bilan bu borada tizimli hamkorlik kerakligi qayd etildi. “O‘g‘il-qizlarimiz o‘z kuchiga ishonishi, adolatli kelajakni qaror toptirishda o‘z ishtirokini his etishi, o‘z salohiyat va umidlarini amalda ro‘yobga chiqarish imkoniyatlariga ega bo‘lishi lozim” – dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning Yoshlar kengashi hamraisi sifatida O‘zbekiston turli yoshdagi insonlar o‘rtasida bir-birini yaxshiroq tushunishga da’vat etadigan, farzandlarimizning eng dolzarb muammolariga birgalikda yechim izlashga ko‘maklashuvchi yangi formatni – avlodlar muloqotini yo‘lga qo‘yish taklifini bildirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotini global inqirozning o‘sib borayotgan salbiy oqibatlariga moslashtirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Xususan:
- proteksionizmning kuchayishiga, global bozorlarni beqaror qiladigan omillarni, jumladan yangi cheklovlarning joriy etilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
- Osiyo qit’asida o‘zaro bog‘liqlikni, birinchi galda, ishlab chiqarish-logistika zanjirini, Markaziy Osiyoni Janubiy va Sharqiy Osiyo, shuningdek, Yaqin Sharq bilan samarali bog‘lovchi transport yo‘laklarini yaratish;
- jahon sanoat inqilobining yangi bosqichiga o‘tishning asosi bo‘lgan bilimlar iqtisodiyotini ilgari surish;
- innovatsiyalar transferi salohiyatini yanada to‘liqroq ishga solish, raqamlashtirishni faol rag‘batlantirish, yuqori texnologiyalar, sun’iy intellekt, Internet tizimlarini rivojlantirish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida yangi yondashuvlarni taklif etdi. Bular – oziq-ovqat ishlab chiqarishning barqaror tizimlarini va uni yetkazib berishning optimal zanjirini shakllantirish, ichki mintaqaviy savdo o‘sishi uchun texnik reglamentlarni uyg‘unlashtirish, Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligini monitoring qilish yaxlit tizimini yaratishdir.
Ushbu barcha masalalar FAO shafeligida 2023-yilda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiyada muhokama qilinadi.
Ekologiya muammolarini hal qilish uchun sa’y-harakatlarni birlashtirishni hamda mamlakatlarimizni jadal ko‘klamzorlashtirish va ekotizimlar bog‘liqligini qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha “Yashil Osiyo” konseptual dasturi doirasida doimiy ekspert maslahatlashuvlarini yo‘lga qo‘yishni taklif qilindi.
So‘zining yakunida O‘zbekiston rahbari zamonaviy tahdidlarni faqat muloqot, bir-birining manfaatlarini hisobga olish, umume’tirof etilgan xalqaro huquq me’yorlariga amal qilish orqali samarali yengib o‘tish mumkinligiga ishonch bildirdi.
Aynan shuning uchun ham Prezidentimiz ilgari surgan umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida hamjihatlik borasidagi Samarqand tashabbusining asosiy maqsadi insoniyat kelajagi uchun befarq bo‘lmagan, tinchlik, totuvlik va birgalikda gullab-yashnash uchun intilayotgan barcha sog‘lom kuchlarni amaliy muloqotga jalb etishga qaratilgan.
Sammitda kengashga a’zo davlatlar, kuzatuvchi mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar delegatsiyalari rahbarlari ham so‘zga chiqdi. BMT Bosh kotibining videomurojaati namoyish etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti