Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi sessiyasida ishtirok etdi
Nukus shahrida 2022-yil 26-avgust kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining navbatdan tashqari o‘ttiz to‘rtinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Uni Jo‘qorg‘i Kenges Raisining o‘rinbosari Atabek Davletov olib bordi. Sessiyaning kotibiyati saylanib, kun tartibi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, ikkita tashkiliy masala ko‘rildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Murat Kamalov betobligi sababli vakolat muddatini oldindan to‘xtatish bo‘yicha ariza bilan murojaat qilgan.
Bu masala ovozga qo‘yildi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining 83-moddasiga muvofiq, Jo‘qorg‘i Kenges Raisi Murat Kamalovning vakolat muddatini oldindan to‘xtatish va egallab turgan lavozimidan ozod etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Sessiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisini saylash masalasi ham ko‘rib chiqildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, bu lavozimga nomzod deputatlardan iborat Oqsoqollar kengashi tomonidan tavsiya etiladi. Shu bois Oqsoqollar kengashi tuzildi.
Kengash a’zolari maslahatlashib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi lavozimiga Orinbayev Amanbay Tleubayevich nomzodini tavsiya etdi.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari o‘z so‘zida Prezident sifatida 6 yil davomida boshqa hududlarga nisbatan eng ko‘p, ya’ni 9 marta Qoraqalpog‘istonga kelib, bu yerdagi oqsoqollar, tadbirkorlar, yoshlar vakillari bilan ko‘p-ko‘p muloqot qilganini ta’kidladi.
Ushbu davrda Qoraqalpog‘istonni kompleks rivojlantirishga qaratilgan 31 ta farmon va qarorlar qabul qilindi. Hududda tadbirkorlik sub’ektlari soni 2 barobarga ortdi, qariyb 4,5 mingta investitsiya loyihalari ishga tushirildi.
Qoraqalpog‘istonda ichimlik suv ta’minoti 40 foizdan 68 foizga, maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 32 foizdan 76 foizga, aholi daromadlari jon boshiga 2 barobarga oshdi. 2017-2021-yillarda 26 ming 400 ta turar-joylar barpo etildi.
Ammo shuncha sa’y-harakatlarga, Qoraqalpog‘istonga ajratilayotgan katta-katta mablag‘larga qaramay, ichimlik suvi, ichki yo‘llar, elektr ta’minoti, ishsizlik, narx-navo kabi maslalarda muammolar saqlanib qolayotgani tanqid qilindi.
Davlatimiz rahbari nomzodni lavozimga tasdiqlashdan avval uning muammolarni hal qilish va hududni rivojlantirish bo‘yicha rejalarini eshitishni taklif qildi.
Nomzod Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlikni, agrar sohani va infratuzilmani rivojlantirish, sanoat loyihalarini ko‘paytirish, aholini ijtimoiy himoya qilish, ta’lim va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflarini bayon etdi.
Prezidentimiz bu takliflarni ma’qullab, ularni amalga oshirish uchun faqat Qoraqalpog‘iston uchun foyda solig‘i, aylanma soliq, mol-mulk va yer solig‘i stavkalarini 2 barobar qisqartirishga ko‘rsatma berdi.
Paxta va g‘alla maydonlarini qisqartirib, har bir oilaga 2 gektardan yer ajratish, Nukus shahrida sanoat texnoparki va tumanlarda tadbirkorlik zonalari tashkil etish, yo‘llarni ta’mirlash, elektr, gaz va suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Amanbay Orinbayevning rahbarlik qobiliyati, vatanparvarligi va insoniy fazilatlarini hisobga olib, uning nomzodiga o‘z roziligini bildirdi.
- Sizning bittayu bitta vazifangiz - xalqni rozi qilish. Har bir tuman, qishloq va ovullarga kirib borib, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish kerak, - dedi davlatimiz rahbari.
Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari, jamoatchilik vakillari so‘zga chiqib, nomzodni qo‘llab-quvvatladi.
Sanoq komissiyasi tuzildi. Yashirin ovoz berish yo‘li bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi lavozimiga Amanbay Orinbayev saylandi.
- Mana, yuksak ishonch, katta umidlar bilan yangi Rais sayladik, - dedi Prezident. - Endi u adolat, sadoqat, mas’uliyat va tartib-intizomni o‘z faoliyatiga mezon qilib olishi kerak. Xalqimiz bag‘rikeng. Vatan yagona! Birlashsakkina oldimizga qo‘ygan ulkan-ulkan marralarga albatta yetamiz.
Shu bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi sessiyasi yakunlandi.
* * *
Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus shahridagi Amudaryo mahallasini borib ko‘rdi.
Bu yerda 6 ming nafardan ziyod aholi yashaydi. 2 ta sanoat korxonasi, 20 dan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida odamlar ish bilan band.
Yaqinda mahalladagi ichki yo‘llar, tabiiy gaz va elektr tarmoqlari ta’mirlandi. Yon-atrof obodonlashtirildi. Maktab va maktabgacha ta’lim muassasasi qiyofasi yangilanib, sharoitlari yaxshilandi.
Ushbu maktab hovlisida mahalla faollari, nuroniylar bilan samimiy suhbat bo‘ldi.
- Men Prezident sifatida boshqa hududlarga nisbatan eng ko‘p Qoraqalpog‘istonga kelibman. Birinchi qadamlarimizdan bildikki, pastga tushsak, birlashsak, harakat qilsak, o‘zgarish qilsa bo‘lar ekan. So‘nggi yillarda Qoraqalpog‘istonda katta yanilanish bo‘ldi. Ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi, maktabgacha ta’lim qamrovi oshdi. Ko‘plab uy-joylar qurildi. Bunday o‘zgarishlarni sizlarning mahallangizda ham ko‘rib, xursand bo‘ldim, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Nuroniylar iyulda yuz bergan voqealar katta xato bo‘lganini, ayrim yoshlar adashganini aytdilar. Asrlar davomida qoraqalpoq va o‘zbek bir tanu bir jon bo‘lib ketganlarini ta’kidlab, xalqimizga tinchlik-omonlik so‘rab duo qildilar.
- Albatta bu barchamizni qattiq tashvishga soldi. Bu hodisalar Qoraqalpog‘iston xalqining xohish-irodasi emasdi. Qoraqalpoq elining vijdoni pok. Xalqimiz «et bilan tirnoq». Ilohim, bunday ko‘ngilsizliklar boshqa bo‘lmasin, yurtimiz tinch, og‘zibirchiligimiz abadiy bo‘lsin, - dedi Prezident.
Shu bilan davlatimiz rahbari Qoraqalpog‘istonga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti