Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti: yangi tashabbuslar, qulaylik va yengilliklar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022-yil 22-avgust kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Davlatimiz rahbari, avvalo, o‘tgan yilgi uchrashuvdan beri bajarilgan ishlar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, biznes muhit yaxshilangani natijasida o‘tgan bir yil davomida tadbirkorlar tomonidan 55 mingdan ortiq biznes uchun binolar qurilgan. Tushumlari 1 million dollardan oshgan tadbirkorlik sub’ektlari soni 5 mingtaga ko‘payib, 26 mingtaga yetgan. Yana ming nafari tovar aylanmasini 1 milliondan 10 million dollargacha yetkazgan, 220 nafarining tushumlari esa 100 million dollarga yetgan. Eksport qiluvchi korxonalar soni 7,5 mingta bo‘lgan, umumiy eksport hajmi 30 foizga ko‘paygan.
Ushbu, navbatdagi muloqot arafasida ham “koll-markaz” tashkil etildi va tadbirkorlardan 12 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi. Ularda shaxsiy yoki mahalliy muammolar bilan birga tizimli masalalar ham ko‘tarilgan. Ular bo‘yicha eng maqbul yo‘llarni topish uchun tahliliy ish olib borilishi qayd etildi.
Prezident beshta asosiy yo‘nalishni ko‘rsatib o‘tib, ularning har biri bo‘yicha ko‘plab tashabbuslarni ilgari surdi.
Birinchi yo‘nalishda korxonalarni toifalarga ajratib, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida yondashuvlar belgilandi.
Xususan, yillik aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan korxonalar – mikro biznes, 10 milliard so‘mgacha bo‘lgani – kichik biznes va 100 milliard so‘mgacha bo‘lgani o‘rta biznes toifasiga kiradi.
Shundan kelib chiqib, 2023-yil 1-yanvardan boshlab mikro biznes uchun aylanmadan olinadigan soliqning amaldagi 4 foizdan 25 foizgacha bo‘lgan stavkalari o‘rniga, yagona 4 foizli soliq stavkasi joriy etiladi.
Yillik aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshib, umumiy soliq to‘lash tartibiga o‘tgan korxonalar bir yil davomida foyda solig‘ini 2 barobar kam to‘laydi. Ushbu imkoniyatlar 370 ming tadbirkorga yengillik yaratadi.
Yuqori salohiyatli o‘rta korxonalar sonini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlanib, ular uchun qator soliq va kompensatsiya imtiyozlari belgilandi.
O‘tgan yilgi ochiq muloqotda davlatimiz rahbari biznes uchun soliq yukini kamaytirish siyosatini davom ettirishga va’da bergan edi. pandemiya keltirgan iqtisodiy qiyinchiliklarga qaramay, 2023-yil 1-yanvardan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 12 foizga tushirilishi ma’lum qilindi.
Tadbirkorlar uchun yana bir yengillik. Joriy yil 1-iyuldan boshlab, bo‘sh bino yoki foydalanilmayotgan yer uchastkasiga nisbatan soliqlarning oshirilgan stavkalarini qo‘llash bekor qilingan edi. Prezidentimiz tadbirkorlarning shu tarzda ilgari oshirib hisoblangan 2 trillion so‘mlik qarzlaridan ham voz kechilishini aytdi.
Ikkinchi yo‘nalish qulay moliyalashtirish tizimiga oid bo‘ldi. Shu maqsadda kichik biznes loyihalariga 20 trillion so‘m yo‘naltirilishi belgilandi. Bundan tashqari, tijorat banklari xalqaro moliya institutlaridan ham mablag‘lar jalb etadi.
Tadbirkorlik jamg‘armasi tomonidan kafillik berish imkoniyatlari qo‘shimcha 2 barobarga oshiriladi. Natijada kamida 15 ming nafar tadbirkorning kredit olishdagi garov masalasi hal bo‘ladi.
Alabtta, kredit bu – masalaning bir tomoni. Biznes uchun yana infratuzilma va kafolatli bozor kerak. Bu borada esa, deylik, Toshkent viloyati bilan olis hududlarda imkoniyat mutlaqo har xil.
Shu bois uchinchi yo‘nalishda tuman va shaharlarning sharoitidan kelib chiqib, biznes uchun alohida yondashuvlar joriy etish masalasi ko‘rildi. Kelgusi yildan shart-sharoiti bo‘yicha barcha tuman va shaharlar 5 ta toifaga ajratiladi. Ularda soliq, subsidiya, kredit foizlari uchun kompensatsiya va kafillik berish, infratuzilmaga ulash bo‘yicha alohida tartiblar belgilanadi.
Yerni xususiylashtirish uchun belgilangan summa, ya’ni yer solig‘ining 20 karrasi miqdoridagi to‘lov Toshkent shahri va viloyat markazlarida 10 karraga, boshqa hududlarda 5 karraga pasaytiriladi.
To‘rtinchi yo‘nalish tadbirkorlarning mulk huquqi himoyasi haqida bo‘ldi. Yer va mulk ajratish haqidagi qarorlarni bekor qilish, tergov jarayonida mol-mulkni xatlab qo‘yishni faqat sud hal qilishi ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, tadbirkorlarning sudlarga murojaat qilish imkoniyati kengaytiriladi. Jumladan, ma’muriy sudlarga ariza berishda davlat boji stavkasi 2 barobar kamaytiriladi. Tadbirkorlarning soliq idoralari qarori ustidan sudga shikoyat kiritish muddati hozirgi 1 oydan 3 yilgacha uzaytiriladi.
Beshinchi yo‘nalishda tadbirkorlar faoliyatini nazorat qilish va ularni javobgarlikka tortish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.
Avvalo, tadbirkorlarga nisbatan yangi javobgarlik va jazo choralarini joriy etishga 3 yillik moratoriy e’lon qilindi. Kelgusi yildan 26 ta idoraning takrorlanuvchi nazorat funksiyalari bekor qilinishi aytildi.
Davlatimiz rahbari soliq tekshiruvlariga oid jarimalar turi ko‘pligi va og‘irligi bo‘yicha juda ko‘p murojaatlar bo‘lganiga e’tibor qaratdi.
Misol uchun, oyiga o‘rtacha 1 million so‘m soliq to‘laydigan kichik tadbirkorlarga 5 milliondan 10 million so‘mgacha moliyaviy jarima qo‘llanmoqda. Ya’ni, kichik tadbirkorlar uchun ham, yirik korxonalar uchun ham jazo bir xil.
Prezident barcha turdagi tekshiruvlar Biznes-ombudsman tomonidan muvofiqlashtirilishi, jarimalar miqdori tadbirkor to‘layotgan soliq miqdoridan oshmasligi kerakligini ta’kidladi.
Umuman, endi savdo sohasida ishlaydigan tadbirkorlarni qariyb 30 yildan beri qiynab keladigan muammo barham topadi – ya’ni savdo qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik to‘liq bekor qilinadi.
Adliya vaziri va Biznes-ombudsmanga tadbirkorlarning takliflarini chuqur o‘rganib, tekshiruvlar muddatlarini qisqartirish, moliyaviy xato va kamchiliklarning minimal chegaraviy miqdorini belgilash bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Muloqotda tadbirkorlarni ma’naviy qo‘llab-quvvatlash masalasi ham e’tibordan chetda qolmadi. Davlatimiz rahbari ko‘p ish o‘rinlari yaratgan, o‘z sohasida innovatsiya va islohotlar qilgan, el-yurt orasida obro‘ qozongan biznes vakillari mehnatini e’tirof etish uchun “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” faxriy unvonini ta’sis etish taklifini bildirdi.
Savdo-sanoat palatasi faoliyatini takomillashtirish zarurati ham ko‘rsatib o‘tildi. Endi uning vazifa va vakolatlari kengaytiriladi. Xususan, hukumatga ko‘rib chiqishi majburiy bo‘lgan masala kiritish, tadbirkor manfaatini ko‘zlab Oliy sudga ariza berish vakolatlari beriladi. Savdo-sanoat palatasi hukumat bo‘ysunuvidan to‘liq chiqariladi va tadbirkorlar manfaatining chinakam himoyachisiga aylanadi.
Ushbu ochiq muloqotda aytilgan barcha takliflarni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Jamoatchilik kengashi tuzilishi belgilandi.
So‘zining yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev yurtimiz ishbilarmonlarini Tadbirkorlar kuni bilan yana bir bor tabriklab, faoliyatlariga muvaffaqiyat tiladi.
– Biz Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida g‘oyat muhim va hal qiluvchi bosqichga qadam qo‘ymoqdamiz. Sizlarning fidokorona mehnatingiz, innovatsion fikr va yondashuvingiz bugun har qachongidan ham muhim va bu o‘rinda siz barcha soha vakillariga o‘rnak bo‘lishingizga ishonaman, – dedi davlat rahbari.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti