Shavkat Mirziyoyev Ka’batullohni ziyorat qildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoniga tashrifi chog‘ida muqaddas Makka shahrida ham bo‘lib, umra amallarini bajardi.
Davlatimiz rahbari dinimiz arkonlariga muvofiq ehromga kirib, namoz o‘qidi, talbiya aytib, Masjidul Haramga bordi.
Ma’lumki, Ka’batullohning ichiga kirish musulmonlar orzu qiladigan ulug‘ sharafdir. Prezidentimiz ana shunday sharafga muyassar bo‘lib, Ka’batullohning ichida namoz o‘qidi.
So‘ng, Baytulloh atrofida yetti bor tavof, Safo va Marva tepaliklari orasida yettita sa’y qilindi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi a’zolari, ulamo va ziyolilar bilan birgalikda yurtimizga tinchlik va taraqqiyot, xalqimizga salomatlik va farovonlik tilab duolar o‘qildi.
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi yakunlandi.
Mamlakatimiz rahbari 17-avgust kuni Valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan muzokara o‘tkazdi. Uning natijalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi bilan Podshohligi o‘rtasida keng qamrovli sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish to‘g‘risida Qo‘shma bayonot, shuningdek, energetika, bojxona, fuqaro aviatsiyasi, turizm, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, mehnat munosabatlari sohalarida 15 ta hujjat qabul qilindi.
18-avgust kuni Islom hamkorlik tashkiloti hamda Islom taraqqiyot banki rahbarlari, saudiyalik ishbilarmonlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Makka va Madina shaharlari ziyorati ham tashrifning alohida e’tiborli voqeasi bo‘ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-avgustga o‘tar kechasi Jiddadan Toshkentga jo‘nab ketdi.
* * *
Prezident Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoniga ikki kunlik davlat tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti