Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikni kengaytirish yo‘llari ko‘rib chiqildi
2022-yil 18-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi doirasida Islom taraqqiyot banki (ITB) prezidenti Muhammad bin Sulaymon Al-Jassirni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari ITB prezidentini Toshkent shahrida Bank Boshqaruvchilar kengashining 46-yillik yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan yana bir bor tabrikladi.
Prezidentimiz ITB bilan sheriklik jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidlab, Bankning O‘zbekistondagi keng ko‘lamli islohotlar dasturini amalga oshirishdagi strategik rolini alohida qayd etdi.
Bugungi kunda ITB bilan birgalikda uy-joy kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, qishloqlarni, sog‘liqni saqlash, ta’lim, suv xo‘jaligi, tadbirkorlik va boshqa sohalarni rivojlantirish bo‘yicha umumiy qiymati 1,2 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Muzokaralar chog‘ida hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Joriy yil yakunigacha Bank tomonidan 1,6 milliard dollarlik o‘ta muhim loyiha va dasturlarni moliyalashtirishni ma’qullash nazarda tutilgan alohida dastur qabul qilindi. Ta’kidlanganidek, bu ITB bilan munosabatlarni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqish va 2022-2023-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik bo‘yicha mamlakat dasturini qabul qilish sari muhim qadam bo‘ladi.
Bankning Toshkentdagi to‘laqonli vakolatxonasini tez fursatda tashkil etish, yangi moliyalashtirish vositalarini joriy qilish muhim ekani ta’kidlandi.
O‘zbekistonning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish jamg‘armasi kambag‘allikni qisqartirish, aholi farovonligini oshirish, tadbirkorlikni, ayniqsa, ayollar va yoshlar biznesini rivojlantirish borasidagi vazifalar yechimiga muhim hissa qo‘shishiga ishonch bildirildi.
Transport infratuzilmasi bo‘yicha mintaqaviy loyihalarni, Orolbo‘yida ekologik dasturlarni amalga oshirish borasidagi hamkorlik, shuningdek, IHTning alohida trast fondi ko‘magida Afg‘onistonga gumanitar yordam ko‘rsatish va uni ijtimoiy-iqtisodiy tiklash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Bank boshchiligidagi islom olamining yetakchi moliyaviy institutlarini o‘z ichiga olgan Arab muvofiqlashtirish guruhining navbatdagi yig‘ilishini Toshkent shahrida o‘tkazish muddatlarini ko‘rib chiqish yuzasidan kelishuvga erishildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti