O`zbekiston xalqiga bayram tabrigi
Aziz vatandoshlar!
Qadrli do‘stlar!
Avvalo, Sizlarni, butun O‘zbekiston xalqini 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Ko‘pmillatli xalqimizning mustaqillik yillarida erishgan eng katta boyliklaridan biri – “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” degan shior ostida mamlakatimizda millatlararo do‘stlik va ahillikni saqlay olganimiz hisoblanadi, desak, adashmagan bo‘lamiz.
Bizning barcha yutuqlarimiz – u xoh tashqi yoki ichki siyosatda bo‘ladimi, xoh iqtisodiy yoki madaniy-gumanitar sohalarda bo‘ladimi – qo‘lga kiritayotgan muvaffaqiyatlarimiz zamirida jamiyatimizdagi osoyishtalik va totuvlik hal qiluvchi omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Xalqimizda “Tinch elning bog‘i gullar”, degan hikmat bejiz aytilmagan. Mana shu tinchlik bor ekan – taraqqiyot mavjud. Mana shu totuvlik bor ekan – kelajagimiz ham, albatta, yorug‘ bo‘ladi.
Barchamiz guvoh bo‘lib turibmiz, hozirgi globallashuv davrida jahonda murosasiz raqobat, qurolli to‘qnashuvlar, mafkuraviy nizolar, aholi, ayniqsa, yoshlarning qalbi va ongini egallash uchun kurashlar, terrorizm, ekstremizm, separatizm, odam savdosi kabi tahdidlar ayovsiz tus olmoqda.
Iqtisodiy inqiroz, ayniqsa, koronavirus pandemiyasi natijasida turli xavf-xatarlar tobora kuchayib, insonlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, do‘stlik, rahm-shafqat, mehr-oqibat kabi muqaddas qadriyatlarga rahna solayotgani, tabiiyki, barchamizni tashvishga soladi.
Mana shunday murakkab zamonda doimo ogoh va hushyor bo‘lib yashash, bebaho boyligimiz bo‘lmish barqarorlikni saqlash, jamiyatimizda ko‘pmillatli katta yagona oila tuyg‘usini kuchaytirish qanchalik muhim va dolzarb ahamiyat kasb etib borayotganiga hammamiz guvohmiz.
Shu ma’noda, bu yil jonajon O‘zbekistonimizda ikkinchi bor nishonlanayotgan Xalqlar do‘stligi kuni yaxshi an’anaga aylanib, el-yurtimiz o‘rtasida hamjihatlik, o‘zaro totuvlikni ta’minlash va do‘stlik aloqalarini rivojlantirishda beqiyos o‘rin tutadi, deb ishonamiz.
Muhtaram yurtdoshlar!
Bugungi kunda saxovatli zaminimizda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta diniy konfessiya vakillari ahil-inoq yashab kelmoqda, ta’lim 7 tilda – o‘zbek, qoraqalpoq, rus, tojik, qozoq, qirg‘iz va turkman tillarida olib borilmoqda. E’tiborli jihati, qardosh tilli maktablarda o‘qiyotgan farzandlarimiz davlat hisobidan darslik va badiiy adabiyotlar bilan to‘liq ta’minlanmoqda.
Inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan tub islohotlarimiz, xususan, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida jamiyatimizda millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash vazifasi ustuvor maqsad sifatida belgilangan.
Barcha hududlarimizda “Do‘stlik uylari” tashkil etilib, ularning faoliyati har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi ushbu xayrli rejalar uchun zarur mablag‘larni yo‘naltirmoqda, turli subsidiya va grantlar ajratilmoqda.
Milliy madaniy markazlarning moddiy-texnik bazasi yaxshilanib, ularga davlat tomonidan zamonaviy texnik uskunalar, mebel jihozlari, milliy liboslar taqdim etilmoqda.
Markaziy Osiyodagi qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona aloqalar qayta tiklanib, azaliy rishtalarning mustahkamlanishi xalqimizning xohish-istaklari, orzularini o‘zida ifoda etmoqda.
Biz yagona Vatan tuyg‘usini asrab-avaylash, yosh avlodni mana shu ruhda kamol toptirish borasida samarali faoliyat olib borayotgan Nodira Djanibekova, Nurgul Bazarbayeva, Qaldibek Seydanov, Feruza Xaldarova, Guldana Avezdurdiyeva, Firdousi Guseynov, Sergey Mironov, Zinoviy Novitskiy, Umar Salmanov, Galina Shin, Tamara Akilova, Minsilu Kuliyeva, Lekim Ibragimov, Vera Babitskaya va boshqa turli millat vakillari nomlarini hurmat va ehtirom bilan tilga olamiz.
Bu yil ham yurtimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligi yo‘lida fidokorona mehnat qilib kelayotgan bir guruh vatandoshlarimiz yuksak unvon, orden va medallar bilan taqdirlandilar.
Fursatdan foydalanib, mukofotlangan yurtdoshlarimizni o‘z nomimdan, butun xalqimiz nomidan tabriklab, ularga sihat-salomatlik, cheksiz kuch-g‘ayrat, oilaviy baxt va saodat tilayman.
Aziz do‘stlar!
Bu yilgi bayramda ham sizlarni qiziqarli ko‘rgazmalar, muloqotlar, ijodiy festivallar, konsertlar, forumlar, anjumanlar, do‘stlar diydori kutmoqda. Bularning barchasi mamlakatimizda asrlar davomida shakllangan millat va elatlar o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik, o‘zaro mehr-oqibat, tinchlik va barqarorlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonaman.
Barchamiz uchun Vatan bitta. Biz – O‘zbekiston degan jannatmakon yurtning farzandlarimiz. Bizning – shu tabarruk zaminda yashayotgan har bir millat vakillarining o‘tmishimiz ham, bugungi taqdirimiz va kelajagimiz ham bir. Bizni ulug‘ va mushtarak maqsad birlashtiradi. U ham bo‘lsa, yurtimiz tinchligi, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligidir.
Mana shu ezgu niyat yo‘lida halol mehnat qilayotgan har bir yurtdoshimiz O‘zbekistonda o‘zining baxtu saodatini albatta topadi. Buning uchun davlatimiz, jamiyatimiz bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etadi.
Sizlarni Xalqlar do‘stligi kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.
Barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik va fayzu baraka tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti