O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlari bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlar kun tartibini muhokama qildilar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022-yil 24-iyul kuni Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida Qirg‘iziston Prezidenti davlatimiz rahbarini tug‘ilgan kuni bilan samimiy muborakbod etib, birodar O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.
Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarning kun tartibini tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Ikki mamlakat hukumatlari savdo shartnomalari va sanoat kooperatsiyasi bitimlarining yangi to‘plamini, shuningdek, O‘zbekiston-Qirg‘iziston strategik sherikligining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha boshqa ikki tomonlama hujjatlarni tayyorlashi muhimligi qayd etildi.
Energetika va transport sohalaridagi yirik mintaqaviy loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston yetakchisi Qirg‘iziston Prezidentini joriy yil 20-21-iyul kunlari Cho‘lponota shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan yana bir bor tabrikladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti