O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilari ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022-yil 21-iyul kuni Cho‘lponota shahrida o‘tayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi doirasida Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish asosida yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport va logistika sohalarida qo‘shma loyihalarni ilgari surish hamda amaliy hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlari dolzarb mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti