Kimyo sanoatidagi asosiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha axborot berildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022-yil 7-iyul kuni kimyo sanoatida erishilgan asosiy ko‘rsatkichlar va rejalashtirilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
“O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi J.Mirzamahmudov O‘zbekiston Prezidentining 2018-yil 25-oktabrdagi qarori asosida tarmoq diversifikatsiya qilinib, yangi mahsulotlar o‘zlashtirilgani haqida axborot berdi. Natijada oxirgi 3 yilda ishlab chiqarish 1,5 baravar, eksport esa 2 baravar oshgan.
Asosiysi, ilgari surunkali zarar bilan ishlagan bu tarmoq 2021-yilni 1,6 trillion so‘m sof foyda bilan yakunlagan.
Joriy yilning olti oyida jamiyat korxonalari tomonidan qariyb 7 trillion so‘mlik mahsulot tayyorlanib, ishlab chiqarish 11 foiz o‘sgan. 218 million dollarlik tovarlar eksport qilingan.
Yil yakunigacha ishlab chiqarishni 14 trillion so‘m, eksportni 425 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Buning uchun ikkinchi yarim yillikda 650 ming tonna azotli, 70 ming tonna fosforli va 120 ming tonna kaliyli o‘g‘itlar hamda 80 ming tonna polivinilxlorid ishlab chiqarish mo‘ljallangan.
Davlatimiz rahbari tarmoq korxonalari samaradorligini oshirish va ularni transformatsiya qilish bo‘yicha tizimli ishlash kerakligini ta’kidladi. Energiyani tejash va mahalliylashtirish orqali tannarxni 6 foizgacha kamaytirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Taqdimotda galdagi istiqbolli loyihalar haqida ham ma’lumot berildi. Qayd etilganidek, yil yakuniga qadar 400 million dollar investitsiya o‘zlashtirilib, 9 ta loyiha ishga tushiriladi. Jumladan, “Navoiyazot”da metilsellyuloza, texnik gaz, suyuq mineral o‘g‘itlar, Chirchiq kimyo texnoparkida ko‘pikli polipropilen, organik o‘g‘itlar va polimer mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Prezidentimiz yangi loyihalarni faqat xususiy investitsiyalar ishtirokida amalga oshirish zarurligini ta’kidladi. 5 ta kimyo klasterida kamida 1 milliard dollarlik loyihalar portfelini shakllantirish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, aksiyadorlik jamiyatiga qarashli korxonalarni xususiylashtirishni jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti