O‘zbekiston Prezidenti Qozog‘istonning birinchi Prezidentini tabrikladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022-yil 6-iyul kuni Qozog‘iston Respublikasining birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Nursulton Nazarboyevni tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar tiladi.
Muloqot chog‘ida keyingi yillarda O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari yuqori sur’at bilan rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Qozog‘istonning birinchi Prezidenti O‘zbekiston rahbariga tabrik uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatimizdagi siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar izchil davom ettirilishiga ishonch bildirdi.
Suhbat yakunida Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev muborak Qurbon hayiti bilan bir-birini samimiy qutlab, birodar xalqlarimizga tinchlik-osoyishtalik va bardavom ravnaq tiladilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti