O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirini qabul qildi
2022-yil 11-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Alixan Smailovni qabul qildi.
O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida Bosh vazir Alixan Smailov davlatimiz rahbariga Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘tgan yil dekabr oyidagi sammitda O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari erishgan kelishuvlarning amalga oshirilishini ta’minlash borasida ikki mamlakat hukumatlari tomonidan qabul qilinayotgan choralar ko‘rib chiqildi.
Tovar ayirboshlash hajmini orttirish va uning ko‘rsatkichlari muvozanatli bo‘lishiga erishish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, yangi sanoat kooperatsiyasi va logistika markazlari tashkil etishni jadallashtirish, suv, energetika va transport-kommunikatsiya sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, hududlararo muloqotlar va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti