O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri bilan sheriklikning strategik yo‘nalishlarini muhokama qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 2-dekabr kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Bosh vaziri o‘rinbosari – Prezident ishlari bo‘yicha vaziri Shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon bilan telefon orqali muloqot qildi.
O‘zbekiston yetakchisi Amirliklar tomonini milliy bayram – mamlakat tashkil topganining 50 yilligi bilan samimiy qutlab, do‘st BAA xalqiga farovonlik va ravnaq tilaklarini izhor etdi.
Keng ko‘lamli O‘zbekiston-BAA hamkorligining strategik yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Qo‘shma innovatsion loyihalar va moliyaviy-texnik ko‘mak dasturlarini amalga oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratilib, bunda Dubaydagi EXPO butunjahon ko‘rgazmasida ham o‘zining yorqin ifodasini topgan mamlakatlarimiz salohiyatini hisobga olish lozimligi qayd etildi.
Istiqbolli loyihalarning yangi portfelini shakllantirish uchun yaqin fursatda hukumatlar delegatsiyalarining ikki tomonlama uchrashuvlarini o‘tkazishga kelishib olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti