O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining o‘rinbosarini qabul qildi
2021-yil 24-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining o‘rinbosari, BMT Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ijrochi direktori Gada Valini qabul qildi.
Uchrashuvda global va mintaqaviy xavfsizlikka tahdid solayotgan zamonaviy xavf va xatarlarga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston va BMTning ushbu ixtisoslashgan bo‘linmasi o‘rtasidagi amaliy hamkorlik yuksak darajaga ko‘tarilgani va samarali tus olgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Mamlakatimizda 1995-yildan buyon boshqarmaning Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi faoliyat yuritmoqda. Uning faol ishtirokida keyingi bir necha yilda amaldagi mintaqaviy dastur doirasida umumiy qiymati 24 million dollarlik moliyaviy-texnik ko‘mak loyihalari bajarildi va amalga oshirilmoqda.
Gada Valining tashrifi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun 2022-2025-yillarga mo‘ljallangan yangi mintaqaviy hamkorlik dasturi qabul qilindi, ushbu dasturda beshta ustuvor yo‘nalishda 90 million dollarlik tadbir va loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, shu kunlarda Samarqand shahrida Yoshlarning giyohvand moddalarga qarshi mintaqaviy tarmog‘i ishga tushiriladi hamda Buxoro shahrida Odam savdosiga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkaziladi.
Uchrashuvda narkotiklarning noqonuniy aylanmasi, uyushgan jinoyatchilik va xalqaro terrorizmga qarshi kurashish sohasida, korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida elektron platforma joriy qilish va boshqa yo‘nalishlarda sheriklik va o‘zaro muvofiqlashuvni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Mintaqadagi vaziyatga alohida e’tibor qaratilib, Afg‘onistonda gumanitar inqirozning oldini olish va ushbu mamlakatga amaliy yordam ko‘rsatish uchun xalqaro hamjamiyatning muvofiqlashgan sa’y-harakatlari muhim ekani ta’kidlandi.
Mamlakatimizning BMT boshqarmasi bilan tizimli va ko‘p qirrali hamkorligini mustahkamlashga doir qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash yuzasidan kelishuvga erishildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti