Samimiy qutlovlar
Mamlakatimizda 2021-yil 24-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovda Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga qayta saylangani munosabati bilan uning nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, taniqli davlat va jamoat arboblaridan samimiy tilaklar bildirilgan qutlovlar kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Janobi Oliylari!
Sizni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga ikkinchi muddatga qayta saylanganingiz bilan chin dildan qutlashga ijozat bergaysiz.
Siz bilan, shu jumladan BMTning mamlakatingizdagi jamoasi hamda Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya mintaqaviy markazi orqali bizlarni qiziqtirgan masalalarda yaqindan hamkorlik qilishimizdan umidvorman.
BMT global xatarlarni birgalikda bartaraf etishda, shu jumladan xalqaro tinchlik va xavfsizlik, inson huquqlari va barqaror taraqqiyot masalalarida O‘zbekistonning ko‘magiga va qat’iy intilishiga tayanishda davom etadi.
Janobi Oliylari, Sizga bo‘lgan yuksak hurmat-ehtiromimni qabul qilgaysiz.
Antoniu Guterrish,
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Janobi Oliylari!
O‘zbekiston Respublikasi xalqining faol qo‘llab-quvvatlashi bilan Prezident lavozimiga muvaffaqiyatli qayta saylanganingiz bilan Sizni samimiy qutlashga ijozat bergaysiz. Sizning mohirona rahbarligingizda O‘zbekiston o‘z taraqqiyot yo‘lini davom ettirishiga ishonaman.
Prezident sifatida faoliyatingizning ikkinchi muddati davomida Siz bilan yaqin hamkorlik qilish orqali mamlakatlarimiz o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashimizga umid qilaman.
Siz va rafiqangiz bilan joriy yil dekabr oyida Koreyada uchrashishimni orziqib kutmoqdaman.
Sizga mustahkam sog‘lik, O‘zbekiston Respublikasiga esa abadiy ravnaq tilayman.
Mun Chje In,
Koreya Respublikasi Prezidenti
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Janobi Oliylari!
Yaponiya hukumati va xalqi nomidan Sizni O‘zbekiston Respublikasi lavozimiga qayta saylanganingiz bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Qonun ustuvorligiga asoslangan erkin va ochiq xalqaro makonni barpo etish doirasida Yaponiya biz uchun muhim strategik hamkor bo‘lgan O‘zbekiston bilan sheriklikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda.
Yaponiya O‘zbekistonning mamlakatni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarini va Siz, Janobi Oliylarining rahbarligida olib borilayotgan islohotlarni izchil qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
2019-yil dekabr oyida Yaponiyaga amalga oshirilgan rasmiy tashrifingiz davomida erishilgan barcha kelishuvlar va qo‘shma loyihalarni bundan buyon ham birgalikda amalga oshirishimizga umid bildiraman.
Kelgusi yilda diplomatik munosabatlarimiz o‘rnatilganining 30 yilligini keng nishonlaymiz. Umid qilamanki, Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik barcha yo‘nalishlarda yanada rivojlanadi.
Ushbu imkoniyatdan foydalanib, Sizga mustahkam sog‘lik va muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston xalqiga esa bardavom ravnaq tilayman.
Fumio Kisida,
Yaponiya Bosh vaziri
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Prezident janoblari!
Sizga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga qayta saylanganingiz munosabati bilan samimiy tabriklarimni yo‘llamoqdaman.
Ushbu lavozimdagi faoliyatingizning ikkinchi muddatida ham O‘zbekiston Siz tanlagan keng ko‘lamli islohotlar va jamiyat ochiqligini ta’minlash yo‘lidan borishiga hamda demokratiya va qonun ustuvorligi borasida yangi muvaffaqiyatlarga erishishiga umid bildiraman. Manfaatlar muvozonati va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga qaratilgan tashqi siyosati tufayli O‘zbekiston Markaziy Osiyoni barqarorlashtirishga bundan buyon ham muhim hissa qo‘shishiga ishonaman. Bu Afg‘onistonda kechayotgan bugungi voqealar nuqtai nazaridan ham favqulodda muhim ahamiyatga ega.
Ayniqsa, ikkimizning 2019-yilgi o‘zaro tashriflarimiz natijasida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar mustahkamlanib, sezilarli faollashganini ijobiy baholayman. Germaniya kelajakda ham O‘zbekistonga ochiqlik yo‘lidagi harakatida sheriklik ko‘magini ko‘rsatishga va ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga tayyor. Siz bilan o‘rtamizdagi fikr almashinuvini yuksak qadrlayman va kelgusida uni davom ettirishdan mamnun bo‘laman.
Oldingizda turgan muhim vazifalarni bajarishda hamda Siz o‘zbek xalqini rozi qilishdek maqsadni o‘z oldingizga qo‘yganingizni hisobga olib, Sizga kuch-quvvat, muvaffaqiyat va doimiy omad tilayman.
Frank Valter-Shtaynmayer,
Germaniya Federativ Respublikasi
Federal Prezidenti
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Prezident janoblari!
Siz O‘zbekiston Prezidenti yuksak lavozimiga qayta saylangan kunning ertasiga katta mamnuniyat bilan samimiy qutlovlarimni yo‘llamoqdaman. Ushbu lavozimdagi faoliyatingizni Fransiyaning do‘sti hisoblangan o‘zbek xalqi manfaatlari yo‘lida amalga oshirishda Sizga eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Qayta saylanganingiz keyingi besh yilda Sizning rahbarligingizda jamiyat hayotining barcha sohalarida boshlangan muhim islohotlar samarasi yanada yuksalishiga umid qilaman.
Ishonchim komilki, 2018-yilda Fransiyaga amalga oshirgan tashrifingiz tufayli hamkorligimizga bag‘ishlangan sur’at saqlanib qolib, Prezident lavozimidagi faoliyatingizning ikkinchi muddati ikki tomonlama munosabatlarning barcha – siyosiy, madaniy va iqtisodiy yo‘nalishlarida yanada rivojlanadi.
Afg‘onistondagi tahlikali vaziyatdan kelib chiqib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi xavfsizlik masalalari bo‘yicha muloqotni 30-avgust kuni o‘tgan suhbatimizda kuzatilgan o‘zaro anglashuv va hamkorlik ruhida davom ettirish ayniqsa muhimdir.
Shuningdek, Fransiya va O‘zbekiston global iqlim, salomatlik va iqtisodiy taraqqiyot kabi tobora dolzarb tus olayotgan masalalarga nisbatan xalqaro hamjamiyatning o‘zaro muvofiqlashtirilgan yechimlarni ishlab chiqishga ko‘maklashish maqsadida bu boradagi harakatlarini muvofiqlashtirishni davom ettirishiga umid qilaman.
Eng ezgu tilaklarimni izhor etarkanman, Siz, Prezident janoblariga bo‘lgan yuksak ehtiromimni bildiraman.
Hurmat bilan,
Emmanuel Makron,
Fransiya Respublikasi Prezidenti
Shuningdek, quyidagilar o‘z tabriklarini yo‘llagan:
Armaniston Respublikasi Prezidenti Armen Sarkisyan
Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan
Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili
Niderlandiya Qiroli Villem-Aleksandr
Avstriya Respublikasi Federal Prezidenti Aleksandr Van der Bellen
Bolgariya Respublikasi Prezidenti Rumen Radev
Gretsiya Respublikasi Prezidenti Katerina Sakellaropulu
Latviya Respublikasi Prezidenti Egilts Levits
Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban
Ikki muqaddas masjid xodimi, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud
Saudiya Arabistoni Podshohligi valiahdi, Bosh vaziri o‘rinbosari, mudofaa vaziri Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Ol Saud
Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy
Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Orif Alviy
Bangladesh Xalq Respublikasi Prezidenti Abdul Hamid
Qatar Davlati Amiri Tamim bin Hamad Ol Soniy
Qatar Davlati Amirining o‘rinbosari Abdulla bin Hamad Ol Soniy
Qatar Davlati Bosh vaziri, ichki ishlar vaziri Xolid bin Xalifa bin Abdulaziz Ol Soniy
Quvayt Davlati Amiri Navof al-Ahmad al-Jobir as-Saboh
Quvayt Davlati Bosh vaziri Saboh Xolid al-Hamad as-Saboh
Quvayt Davlati valiahdi Mish’al al-Ahmad al-Jobir as-Saboh
Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux
Vetnam Sotsialistik Respublikasi Prezidenti Nguyen Suan Fuk
Kuba Respublikasi Prezidenti Migel Dias-Kanel Bermudes
Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko
YUNESKO bosh direktori Odri Azule
Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi Kunio Mikuriya
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev
Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bosh kotibi Bag‘dod Amreyev
Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Husrav Noziriy
Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi Martin Chungong
BMTning Jenevadagi bo‘linmasi direktori Tatyana Valovaya.
Qutlovlar kelishi davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti