O‘zbekiston va Ozarbayjon yetakchilari ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 5-noyabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida Ozarbayjon Prezidenti davlatimiz rahbarini mamlakatimizda o‘tgan Prezident saylovida ishonchli g‘alaba qozongani bilan samimiy qutlab, O‘zbekiston xalqining farovonligi va ravnaqini ta’minlash borasidagi faoliyatiga katta muvaffaqiyatlar tiladi.
O‘zbekiston yetakchisi, o‘z navbatida, Ozarbayjon rahbari va birodar xalqini yaqinlashib kelayotgan milliy bayram – G‘alaba kuni bilan samimiy muborakbod etib, tinchlik-osoyishtalik va bardavom taraqqiyot tilaklarini izhor etdi.
O‘zbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Yetakchilar o‘zaro savdo ko‘rsatkichlari barqaror sur’at bilan o‘sayotgani, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qo‘shma loyihalar soni ortayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar. Joriy yilda Xojiqabul shahrida avtomobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani, qishloq xo‘jaligi va ipakchilikda amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli kooperatsiyaga misol ekani ta’kidlandi.
Kelgusi oyda Boku shahrida O‘zbekistonning milliy sanoat ko‘rgazmasi o‘tkaziladi. Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishlariga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Transport-kommunikatsiya sohasidagi hamkorlik, shu jumladan poytaxtlar o‘rtasidagi aviaqatnovlarni tiklash masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon hududida qo‘shma madaniy-gumanitar tadbirlarni muntazam o‘tkazib turish muhim ekani qayd etildi.
Prezidentlar mintaqaviy hamkorlikning eng muhim jihatlari, shu jumladan Turkiy kengashning bo‘lajak sammiti kun tartibi yuzasidan fikr almashdilar. Oliy darajadagi uchrashuvlar rejasi ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti