O‘zbekiston Prezidenti saylovida siyosiy partiya vakolatli vakilining o‘rni
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jamiyatimiz hayotidan ko‘ppartiyaviylik, siyosiy plyuralizm, fikrlar rang-barangligi, ochiqlik va oshkoralik, bag‘rikenglik tamoyillari mustahkam va keng o‘rin olayotgan sharoitda o‘tadi.
Siyosiy partiyalar saylovda ishtirok etishi uchun qonunda belgilangan hujjatlarni Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etishi Saylov kodeksida belgilab qo‘yilgan. Saylov kampaniyasi davrida Markaziy saylov komissiyasi va siyosiy partiya o‘rtasida muloqotni yuritish va talab etilgan hujjatlarni taqdim etishni tashkiliy ravishda tartibga solish uchun vakolatli vakil faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Vakolatli vakil avvalo, saylovda ishtirok etuvchi siyosiy partiyaning manfaatini ifodalaydi va uning saylov jarayonidagi ishtirokiga oid masalalarni hal etib boradi.
Saylov kodeksida belgilanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun siyosiy partiya Vakolatli vakili orqali saylovga kamida yetmish kun qolganida Markaziy saylov komissiyasiga quyidagilarni taqdim etadi:
saylovda ishtirok etish to‘g‘risida partiya rahbari tomonidan imzolangan ariza;
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining siyosiy partiya ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan ma’lumotnoma;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lajak nomzod to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga hujjatlar qabul qilib olingan sana va vaqt ko‘rsatilgan ma’lumotnoma beradi.
Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish to‘g‘risida besh kunlik muddat ichida uzil-kesil qaror qabul qiladi hamda siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga ro‘yxatga olinganlik guvohnomasini va belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalarini beradi.
Vakolatli vakil haqidagi qoida O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 34-moddasida belgilangan. Unga ko‘ra siyosiy partiya saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish uchun vakolatli vakil tayinlashga haqli.
Shundan kelib chiqqan holda siyosiy partiya tomonidan vakolatli vakil tayinlash masalasi ikki bosqichda amalga oshiriladi.
Birinchi bosqichda siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishini belgilangan qoidalar asosida amalga oshirish bilan bog‘liq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi bilan munosabatlarni olib borish uchun vakolatli vakil tayinlanadi.
Ikkinchi bosqich bevosita hududiy partiya organlaridan tayinlanadigan vakolatli vakil faoliyati bilan bog‘liq. Bunday vakolatli vakil saylov uchastkasida ish olib boradi.
Ya’ni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatgan siyosiy partiyaning hududiy organlari saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish uchun saylov uchastkalari tuzilgan kundan e’tiboran o‘z vakolatli vakillarini tayinlaydi.
Siyosiy partiya hududiy organining rahbari saylovga kamida o‘n kun qolganida ariza bilan okrug saylov komissiyasiga siyosiy partiyaning vakolatli vakillari ro‘yxatini taqdim etadi.
Ariza O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Prezident saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyasiga taqdim etiladi.
Okrug saylov komissiyasi siyosiy partiyaning vakolatli vakillari ro‘yxati kelib tushgan vaqtdan boshlab, besh kun ichida vakolatli vakillarni ro‘yxatga oladi va belgilangan shaklda mandat beradi.
Siyosiy partiyaning vakolatli vakili saylov komissiyasining majlislarida, saylov komissiyalariga hujjatlarni, shu jumladan to‘plangan imzo varaqalarini topshirishda, imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etishga, uchastka saylov komissiyasining bayonnomasi bilan tanishish, shu jumladan uchastka saylov komissiyasi bayonnomasining tasdiqlangan ko‘chirma nusxasini olishga haqli.
Siyosiy partiyaning vakolatli vakili uchastka saylov komissiyasining faoliyatiga, jumladan saylov qutilarini muhrlashga, ochishga, ovozlarni sanab chiqishga aralashishi mumkin emas.
Siyosiy partiyaning vakolatli vakili shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, siyosiy partiya tomonidan berilgan hujjatni va tegishli saylov komissiyasining mandatini o‘z yonida olib yurishi shart.
Siyosiy partiya vakolatli vakilining vakolat muddati saylov yakunlari to‘g‘risidagi axborot matbuotda e’lon qilingan kundan e’tiboran tugagan hisoblanadi.
Mazkur institutning saylov kampaniyasi davrida faol ish olib borishi saylovlarning oshkoraligi, adolatliligi va qonununiyligini ta’minlashga hamda saylov komissiyalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasi