Pokistonda yosh yurtdoshlarimiz bo‘lajak O‘zbekiston Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga tayyor
O‘zbekistonning Islomobod shahridagi Elchixonasi delegatsiyasi Pokistonning Sind viloyatiga tashrif buyurib, Karachi shahrida yashovchi vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda vatandoshlarga 24-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Prezidenti sayloviga tayyorgarlikning borishi, yaqinda qabul qilingan Saylov kodeksi va qonunchilikdagi yangiliklar, shuningdek, Karachi va Lahor shaharlarida muddatidan oldin ovoz berish uchun yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot berildi.
Ishtirokchilar saylovda ishtirok etadigan nomzodlar bilan tanishtirildi. Pokistonda saylovchilarni ro‘yxatga olish tartibi, siyosiy partiyalar nomzodlarining ilgari surayotgan dasturlari va vazifalari hamda saylovoldi tashviqotining borishi batafsil tushuntirildi.
Uchrashuvda Karachi shahrida yashayotgan va o‘qiyotgan yoshlarga, ularning bo‘lajak prezident saylovida faol ishtirok etishlariga alohida e’tibor qaratildi. Yosh saylovchilar birinchi marta siyosiy tadbirda ishtirok etishlariga va O‘zbekistonda yoshlar siyosati sohasida olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida munosib nomzod uchun ovoz berishga tayyor ekanliklarini ma’lum qildilar.
Bundan tashqari, Sind viloyatidagi o‘zbek diasporasi vakillari bilan konsullik suhbati o‘tkazildi. O‘zbekiston fuqarolari o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha ma’lumotlar olishdi. Xususan, uchrashuv ishtirokchilariga normativ-huquqiy kodekslarga kiritilgan o‘zgartirishlar, shuningdek O‘zbekistonning yangi xorijga chiqish pasportlarini rasmiylashtirishga oid ma’lumotlar berildi.
Uchrashuv yakunida diaspora vakillari o‘rtasida muntazam uchrashuvlar o‘tkazish va hamkorlik qilish uchun o‘zbek diplomatlari ishtirokida onlayn-suhbatlar tashkillashtirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.