O‘zbekiston Prezidenti yetakchi xalqaro konsalting kompaniyalari bilan yaqindan hamkorlik qilish muhim ekanini ta’kidladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 30-sentabr kuni shu kunlarda Toshkent shahrida o‘tayotgan Iqtisodiy forum tadbirlarida ishtirok etayotgan «Rothschild&Co» kompaniyasi kuzatuv kengashi raisining o‘rinbosari baron Erik de Rotshild boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Ushbu nufuzli xalqaro konsalting va investitsiya kompaniyasi bilan mamlakatimizdagi yangi iqtisodiy islohotlar dasturi doirasidagi ustuvor loyihalarni ilgari surishda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
«Coca-Cola Uzbekistan» korxonasidagi davlat ulushini xorijiy investorga sotish bo‘yicha kelishuvni amalga oshirish jarayonida muvaffaqiyatli hamkorlik qilingani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Bundan tashqari, mamlakatimiz milliy energetika kompaniyalarini transformatsiya qilish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash borasida qator muhim loyihalar amalga oshirilmoqda.
O‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, davlat korxonalarini xususiylashtirish, bank sektorini isloh qilish, vinochilikni rivojlantirish masalalarida yuqori malakali konsultatsiya xizmatlarini jalb qilish hamda gumanitar almashinuv dasturlarini amalga oshirishdagi imkoniyatlar alohida qayd etildi.
Yangi imkoniyatlarni o‘rganish va istiqboldagi sheriklik loyihalarini tayyorlash uchun qo‘shma ishchi guruhni shakllantirishga kelishib olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti