O‘zbekiston Prezidenti Pokiston tashqi ishlar vazirini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 25-avgust kuni Pokiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mahmud Qurayshiyni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari jadal sur’atlar bilan rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Joriy yilning iyul oyida Toshkent shahrida o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar strategik sheriklik prinsiplariga asoslangan ikki tomonlama hamkorlikning yangi bosqchini boshlab berdi.
Tashqi ishlar vaziri Mahmud Qurayshiy Pokiston Bosh vaziri Imron Xonning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi hamda O‘zbekiston yetakchisiga mintaqada barqarorlik va ravnaqni ta’minlash borasidagi faol sa’y-harakatlari uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Afg‘onistondagi vaziyat rivojiga alohida e’tibor qaratildi. Mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash jihatlari yuzasidan yaqin idoralararo aloqalar va almashinuvlarni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, “Termiz – Mozori Sharif – Kobul - Peshovar” termil yo‘lini qurish loyihasini birgalikda yanada ilgari surishga intilish qat’iy ekanligi tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti