O‘zbekiston Prezidenti yangi tayinlangan elchilarni qabul qildi
2021-yil 25-avgust kuni xorijiy davlatlarning mamlakatimizga yangi tayinlangan elchilari tomonidan ishonch yorliqlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ruminiya elchisi Daniyel Kristian Chobanu, Polsha Respublikasi elchisi Radoslav Gruk, Tojikiston Respublikasi elchisi Abdujabbor Rahmonzoda, Shveysariya Konfederatsiyasi elchisi Konstantin Obolenskiy va Germaniya Federativ Respublikasi elchisi Tilo Klinnerdan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.
Davlatimiz rahbari yangi tayinlangan elchilarni Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi keng miqyosli demokratik yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar davom etayotgan muhim tarixiy davrda mamlakatimizda diplomatik missiyasini boshlagani bilan samimiy tabrikladi.
Amalga oshirilayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida so‘z yuritar ekan, Prezidentimiz xorijiy hamkor mamlakatlar, avvalo, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlar va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotganini alohida qayd etdi.
Joriy yil avgust oyining boshida Turkmanistonda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani, ushbu tadbir yaqin mintaqaviy hamkorlikning kun tartibi keng ekanligini yana bir bor namoyish etgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘zbekiston yetakchisi Afg‘onistondagi vaziyat rivoji bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratdi. Bugun ushbu mamlakatda ro‘y berayotgan voqealar butun xalqaro hamjamiyatda tashvish uyg‘otayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston afg‘on inqirozini tez fursatda tartibga solishga ko‘maklashish uchun muhim tashabbuslarni ilgari surayotgani va zarur sa’y-harakatlarni amalga oshirayotgani qayd etildi.
Jumladan, joriy yilning 15-16-iyul kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi yuqori darajadagi xalqaro konferensiyaning maqsadi Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlik o‘rnatilishi va iqtisodiy tiklanishga ko‘maklashadigan yirik infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish uchun sharoitlarni shakllantirishdan iborat bo‘ldi.
O‘zbekiston Prezidenti mamlakatimizning yangi elchilar vakillik qilayotgan davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorligining istiqbollariga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Ruminiya bilan ikki tomonlama amaliy hamkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Bu, avvalo, o‘zaro savdo hajmini oshirish, to‘qimachilik, kimyo va farmatsevtika tarmoqlari, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika sohalarida kooperatsiyani yo‘lga qo‘yishdir.
Shu munosabat bilan qo‘shma Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishini o‘tkazish, muloqot va almashinuvlarni, shu jumladan tashqi siyosiy idoralar darajasida faollashtirish taklif etildi.
Xalqaro tashkilotlar va Yevropa Ittifoqi bilan muloqot doirasida Ruminiya bilan hamkorlik qilishga ham muhim e’tibor qaratilmoqda.
Polsha O‘zbekistonning Yevropadagi ishonchli an’anaviy hamkoridir. Keyingi yillarda ko‘p qirrali O‘zbekiston-Polsha hamkorligi izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bundan tashqari, YeI bilan ko‘p tomonlama muloqot va Vishegrad guruhi doirasidagi hamkorlik mustahkamlanib bormoqda.
Shu bilan bir qatorda, ikki mamlakat qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, kichik biznes va innovatsiyalar, ta’lim va turizm kabi sohalarda hali ishga solinmagan katta salohiyatga ega.
O‘zbekiston yetakchisi bo‘lajak oliy darajadagi muloqotlar amaliy sheriklikni kengaytirishga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlashini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston bilan Tojikistonning do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarida sezilarli yuksalishga erishilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Bunga ikki birodar mamlakat yetakchilarining muntazam uchrashuvlari va siyosiy irodasi xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil iyun oyida Tojikiston Respublikasiga tarixiy tashrifi yakunida erishilgan kelishuvlar va aniq kooperatsiya loyihalarini to‘liq hajmda amalga oshirish muhim ekani alohida ta’kidlandi.
Bundan tashqari, mamlakatlarimiz xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida yaqindan hamkorlik qilib, bir birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Shveysariya bilan munosabatlar istiqboliga to‘xtalar ekan, O‘zbekiston Prezidenti siyosiy muloqotni yanada rviojlantirish va birgalikdagi iqtisodiy loyihalarni ilgari surish muhim ekanini ta’kidladi.
Bank-moliya sohasi, innovatsiyalar va zamonaviy texnologiyalar, oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, Orolbo‘yidagi vaziyatni yaxshilash uchun moliyaviy-texnik ko‘mak dasturlarini kengaytirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
Qo‘shma Hukumatlararo komissiya faoliyati doirasidagi amaliy sheriklikning yangi kun tartibini ishlab chiqish muhim ekani qayd etildi.
O‘zbekiston Germaniya bilan keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirish va strategik sheriklikni mustahkamlashdan manfaatdor.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, oliy darajadagi muntazam muloqotlar O‘zbekiston-Germaniya munosabatlarida yangi bosqich boshlanganidan dalolat beradi.
Global iqtisodiy inqiroz oqibatlariga qaramay, o‘zaro savdo hajmi, Germaniyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi qo‘shma kooperatsiya loyihalari soni ortmoqda.
Bundan tashqari, respublikamizda “KfW” banki, Germaniya savdo-sanoat palatalari uyushmasi hamda Kichik va o‘rta biznes birlashmasi ofislari o‘z faoliyatini muvaffaqiyatli boshlagani qayd etildi.
Ishbilarmonlar o‘rtasidagi aloqalarning faollashishi ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikning ulkan salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti so‘zini yakunlar ekan, diplomatik vakolatxonalar rahbarlariga ularning O‘zbekiston Respublikasi bilan do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi mas’uliyatli va sharafli faoliyatiga katta muvaffaqiyatlar tiladi.
Qisqa suhbatda diplomatlar samimiy qabul va mamlakatimizdagi samarali faoliyatiga yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirdilar. Elchilar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini har tomonlama rivojlantirish uchun bor kuch-g‘ayratini safarbar qilishini qayd etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti